Search for:

Kashf nima ?

(Navoiy ijodiga bir nazar)

Kashf – arabcha – ochish, topish; kashf etmak – ochmoq, topmoq; kashfi roz – sir ochish. Tasavvufda his va aql yo‘li bilan idrok etish mumkin bo‘lmagan haqiqatlarni qalb ko‘zi ila ko‘rish; parda ortidagi g‘aybiy xususiyatlar va haqiqiy narsalarni ko‘rib, ularni his qilib, ular siridan voqif bo‘lmoqlik; Ilohiy ilhom; to‘g‘ridan-to‘g‘ri, vositachisiz Allohdan olingan bilim. Bu bilim yo ilohiy xitobni eshitish yoki g‘ayb olamini ko‘rish bilan qo‘lga kiritiladi; mukoshafa, badan va his pardasini ko‘tarilishi va ruh olamining tomosha qilinishi.Valilar kashf sohiblaridir.

Kashf haqida gapirganda din ulamolarimiz bir narsani alohida taʼkidlaydilar. Kashf – bu Allohning xos bandalariga xos inʼomidir.Shu bois, to Yaratganning fazli bo‘lmasa, inson o‘z xohishicha, uni qo‘lga kiritolmaydi.

So‘fiyona manbalarda ¬– kashfi nazariy, kashfi nuriy, kashfi ilohiy, kashfi ruhoniy, kashfi maʼnaviy, kashfi mujarrad, kashfi muxayyal, kashfi xavotir, kashfi zamoyir, kashfi ahvoli qubur va kashfi ahvoli qulub kabi kashflar mavjud. Masalan, kashfi ahvoli qubur – bir avliyoning dafn etilgan marhumlarning qabrdagi, u dunyodagi ahvolini bilishi; kashfi ahvoli qulub – valilarning qarshisidagi yoki uzoqdagi odamning qalbidan o‘tayotgan fikrlarini bilib turishi; kashfi mujarrad – kashf yo‘li bilan ko‘rilgan narsaning aynan ro‘y berishi, xayol va turli andishalarning bunga taʼsiri yo‘qligidir.

Ayrim so‘fiylarga ko‘ra, bu moddiy olamning taʼsiridan qalbni zang va kir bosib qoladi va natijada unda bir hijob (to‘siq, parda) paydo bo‘ladi. Riyozat va tasfiya (poklash) bilan bu parda qalbdan qo‘tarilgach, g‘ayb olami ochiq – oydin ko‘rinadi. Bu pardaning ochilishiga, yaʼni qalb ko‘zining ochilishiga kashf deyiladi.

Haq taologa Haq taolo bo‘lgani uchun qulluq qilgan, unga uzluksiz intilgan orif va komil zotlarni ahli shuhud: ahli mushohada, ahli kashflar deb tilga olamiz. Ularning taʼkidlashlaricha, umrini boshidan to oxirigacha ibodatda, riyozatda va donolar, avliyolar suhbatida sarf etgan, doim ular tomonga yuzlangan, ularga muhabbatli bo‘lgan insonda kashf hosil bo‘ladi. Kashf maqomiga erishgach,, ashyolarning haqiqatini anglab yetishga qodir bo‘ladi.

Zavq ahli istilohida esa, kashf deb, Alloh tomonidan keladigan birdan yorishib, keyin o‘chib qoladigan nurga aytiladiki, bu kashf holatining boshlanishidir.

Botiniy maʼnolar aynan kashf va zavq yo‘li bilan aniqlanadi. Shuning uchun ham baʼzan, botin ahli, kashf ahli karomat ahli degan so‘zlar bir-birining o‘rnida qo‘llanaveradi.

Ammo haqiqiy valiylar, kashf sohiblari o‘z kashfu karomotlarini xalqdan yashirganlar, ilohiy sirni hammaga ochmaganlar. Chunki sirni ochish valining darajasiga salbiy taʼsir qilishi mumkin. Ammo baʼzi zaruriy holatlarda oshkor qilingan kashf bundan mustasno…

NAVOIY “Nasoyim ul-muhabbat” tazkirasida mashhur avliyo Boyazidi Bistomiyning bu haqdagi so‘zlarini keltiradi:” “Ko‘pincha haqiqat (kashfu asror) qalbimda qirq kunlab uloqib yuradi. Ularni faqat ikki guvoh: oyat va hadis asosidagina qalbimdan joy olishiga ruxsat beraman”. Abduxoliq G‘ijduvoniy ham o‘z karomotlarini yashirgan. “… Xoja Yusufdin so‘ngra alar (Abduxoliq G‘ijduvoniy) riyozatqa mashg‘ul bo‘ldilar va ahvollarin maxfiy tutar erdilar va alarning valoyati ul yerga yettiki, har vaqt namozda Kaʼbag‘a borurlar erdi”.

Zamonamizning taniqli marhum olimlaridan Shayx Muhammad Sodiq Muhammad Yusuf (1952-2015) hazratlari bu borada shunday fikrlarni bildiradi:” Ahli tasavvuf musulmonlardan biriga maloikalarning ko‘rinishi yoki ularning ovozi eshitilishini, ko‘pchilikka eshitilmaydigan baʼzi narsalarning eshitilishini, ko‘pchilikka bilinmaydigan narsalarning bilinishini “kashf” deb ataydilar.Bunga Qurʼoni Karimda ham, Sunnati mutahharada ham misollar bor. Alloh taolo Oli Imron surasida: “Esla, vaqtiki, farishtalar dedilar: «Ey Maryam, albatta, Alloh seni musaffo qildi, pokladi va olamlardagi ayollar uzra tanlab oldi. Ey Maryam, Robbingga itoatkor bo‘l, Unga sajda qil va rukuʼ qiluvchilar bilan rukuʼ qil”, degan (42-43-oyatlar).Bibi Maryamning Nabiy ham, Rasul ham emasliklari hammaga maʼlum. Ammo Qurʼoni Karimda farishtalar u kishi bilan gaplashgani sobit bo‘lib turibdi.

Nabiy yoki rasul bo‘lmagan odam bilan farishtalarning gaplashishi “kashf” deyiladi.Olim kashf masalasida chuqur ketmaslikni, kashf sohiblarini ortiqcha ko‘tar-ko‘tar qilmaslikni aytib, shunday xulosaga keladi:” Kashf – bo‘lishi mumkin narsa. U Alloh taolo tomonidan bandaga berilgan fazl yoki sinov va imtihon bo‘ladi. Kashf ila aqiyda sobit bo‘lmaydi. Kashf bilan yangi sharʼiy hukm ham sobit bo‘lmaydi. Kashf bilan ibodat ham sobit bo‘lmaydi. Kashf Qurʼoni Karim va Sunnati mutohhara taʼlimotlariga to‘g‘ri kelsa, uni tasdiqlash mumkin”.

NAVOIY “Nasoyim ul-muhabbat» da keltirishicha, Basralik Shayx Xalaf bin Ali qaddasallohu taolo shunday degan ekan “…bir kun Yahyo Muʼoz suhbatida erdim. Birovga vajd voqeʼ bo‘ldi. Birov Shayxdin so‘rdikim, bu kishiga ne voqeʼ bo‘ldi? Shayx dedikim, Tengri so‘zin eshitti, vahdoniyat ko‘nglig‘a kashf bo‘ldi va insoniyat sifati mahv bo‘ldi”. Baʼzan nazm ahli bo‘lgan avliyolar o‘zlariga kashf bo‘lgan narsalarni yozib qo‘yganlar. Navoiyning naqliga ko‘ra, Shayx Faxruddin Iroqiy Shayx Zakariyo Mo‘lto¬niyning topshirig‘i bilan Bobo Kamol Jandiyning xizmatiga borgan “…va har fathu kashfeki anga yuzlanur ermish, ani nazm va yo nasr libosida ado qilur va Bobo nazarig‘a yetkurur ermish”.Baʼzan murshidning bir nazari yo biror marhamati bilan muridlarda kashf paydo bo‘lgan. Bunga ham NAVOIY tazkirasidan bir misol.

Shayx Abu Amr Sarifiniy Bag‘dodga Shayx Abdulqodir Geloniy hazratlarining xizmatiga borib, murid bo‘lganidan keyin u kishi shayx Abu Amr Sarifiniyga qarab, kelajakda Tangri taolo unga Abdulg‘ani bin No‘qta degan bir murid ato qilishi va uning “martabasi ko‘p avliyoullohdin biyikrak” bo‘lib, Tangri taolo u bilan “maloyikaga mufoxarat” qilishi haqida bashorat beradi. So‘ngra Abdulqodir Geloniy hazratlari uning boshiga bir bo‘rk kiydiradilar. Shunda Abu Amr Sarifiniyning holati o‘zgaradi va aytadiki:”…aning (bo‘rkning) xushlug‘i va sovug‘lug‘i dimog‘img‘a yetti va dimog‘din ko‘ngulga. Malakut manga kashf bo‘ldi. Eshittimki, olam va har ne andadur, Haq subhonahu va taolo tasbehin muxtalif (turli, rang baranga til bila aytadurlar, anvo‘i taqdis bila. Yaqin erdiki, aqlim zoyil bo‘lg‘ay. Shayxning ilgida bir pora momuq erdi, manga urdi, aqlim o‘z holig‘a keldi. Andin so‘ngra meni necha xilvatqa o‘lturtti, vallohki, menga hech zohir bo‘lmag‘ay erdiki, burunroq manga xabar bermagay erdi. Har holg‘a va maqomg‘a va mukoshafayu mujohadag‘aki yettim, andin burunroq meni voqif qildi va meni ishlardin ogoh qildiki, ul degandin so‘ngra o‘ttiz yilg‘a yaqin surat tutti”.

Naviy tazkirasidagi boshqa bir misolga murojaat etamiz. Shayx Aburrabiʼ Kafif Molaqiy rahmatullohi alayh aytadilarki, kim yetmish ming marta “lo iloha illalloh”ni o‘zining yo boshqa bir kishining najot topishi uchun o‘qusa, uning albatta taʼsiri bo‘lishi haqida hadis vorid bo‘lgandir. Men shu zikrni aytgan va “lekin ne o‘zumg‘a va ne kishiga muayyan qilmagan” (yaʼni savobini bag‘ishlamagan) erdim. Bir jamoat bilan bir kishining taom dasturxoniga o‘tirib qoldim. Ularning orasida sohibi kashf bo‘lgan bir tifle (yoshroq bola) bor edi. “…ilig taomg‘akim eltti yig‘lamoqqa tushdi. Sababin so‘rdilar, dediki, do‘zax manga mushohiddur, anda onamni ko‘radurmenki, azob qiladurlar”. Shayx Aburrabiʼ botinida (ichida) aytibdiki, “Xudovando, sen voqifsenki, yetmish ming qatla “Lo iloha illalloh” zikrin aytibmen, ani bu tiflning anosi do‘zax o‘tidin xalos bo‘lurg‘a muayyan qildim (bag‘ishladim)”. Shayx bu niyatni ko‘nglidan o‘tkazish bilan bola kula boshlaydi va xursandchilik qiladi. Undan atrofdagilar kulishining sababini so‘rashganda, onasining “do‘zax o‘tidin xalos” bo‘lganini aytadi va “taom yemakka mashg‘ul” bo‘ladi. Shundan keyin Shayx Aburrabiʼ: “Manga bu hadis sihhati (haqiqiyligi) ul tifl kashfidin va ul go‘dak kashfi sihhati nabaviy (Payg‘ambar) hadisidin maʼlum bo‘ldi”, deydi. Tazkiradan boshqa bir misol: Imom Yofiʼiy eshitgan bir rivoyatini aytib beradi.Salotin (podsholar) dan biri darveshlarni imtihon (sinash) uchun halol va harom go‘shtlardan pishiradi va ziyofatga chaqirgan sohibi kashf darveshlardin birini oldiga eltib qo‘yadi. “Ul darvesh taom tortar vaqtda dediki, bu kun biz xodimlik qilurbiz. Barcha halol etlarni darveshlarig‘a ulashti va bori harom etlarni ayirdiki, podshohning sipohilarig‘a munosibdur.

Va bu oyatni o‘qidiki, “…pokiza pok uchun, nopok nopok uchundir”. (“Nur” surasi, 26-oyat)

NAVOIY baytlaridan birida soqiy(murshid)ga xitob qilib, bu korgoh(olam)da juda ko‘p narsalar mubham (noaniq) ekanligi, shuning uchun dunyo voqealarini ko‘rsatib turadigan sehrli “jomi jahonbin” tutishini va ko‘p narsalar kashf bo‘lishini xohlaydi:”Jomi jahonbin”ni o‘z maʼnosida ham majozan maʼrifat to‘la qalb mazmunida ham tushunish mumkin.

Soqiyo, jomi jahonbin tutki, andin kashf etay,

Kim ko‘p ish bu korgah vazʼida mubhamdur manga?!

Fano darsidan manfaat topish, asrorlarini kashf qilish uchun inson pok va xolis bo‘lishi kerak. Jaloliddin Muhammad ibn Abdurahmon Qazviniy (vaf. 739/1339-y.)ning balog‘atga oid “Talxis” kitobini o‘qishning foydasi yo‘q. (Mazkur kitob Abu Yaʼqub Yusuf Sakkokiyning “Miftoh al-ulum” asarining uchinchi qismiga yozilgan sharhdir). Bayt zamirida zohiriy ilm bilan botin ilmini egallab bo‘lmasligi taʼkidlanmoqda.

Qil fano darsi aro o‘zni mulaxxaski, emas

Sud kashfida bu maʼnining o‘qumoq “talxis”.

NAVOIYning “Nasoyim ul-muhabbat” asarini o‘qianimizda, Nizomiy Ganjaviy, Xisrav Dehlaviy, Abdurahmon Jomiy, Saʼdiy Sheroziy, Hofiz Sheroziy, Faxruddin Ibrohim Iroqiy, Amir Husayniy, Mahmud Chabushtariy, Avhaduddin Kirmoniy va boshqalarning betakror shoir hamda sohibi kashf bo‘lganliklari ham maʼlum bo‘ladi. NAVOIYko‘p o‘rinlarda uladagi iymon, islom, poklik, go‘zal odob va xolislikni namuna qilib ko‘rsatadiki, bizningcha, ular aynan shu xislatlari bilan ham kashf sohibi bo‘lganlar. Ulug‘ shoirimiz baʼzilarining kashfini ochiq eʼtirof etadi. Jumladan ustozi Jomiy haqida yozadi:

Ulki bukun qutbi tariqatdur ul,

Koshifi asrori haqiqatdur ul…

Qani endi bizni bugungi kundagi shoir va yozuvchilarimizda ham kashf holati bo‘lganda edi, shubhasiz, yanada taʼsirli va unumli ijod qilardilar. Ilohim bizda ham Navoiy va Mashrab kabi avliyo shoirlarimiz ko‘paysin va albatta umid qilamizki, shundaylar ham chiqadi.Chunki oqqan daryo oqadi…

Biz kashf haqida va Navoiy asarlarida kelgan ayrim rivoyat va naqllar haqida ozroq mulohza yuritdik. Zero avliyolar va o‘tmish shoirlarimizga tegishli bo‘lgan kashflar haqidagi maʼlumotlarni o‘qib-o‘rganish, qaysidir maʼnoda ularning hayoti va dunyoqarashini chuqurroq bilishimizga asos bo‘ladi.

Sayfiddin Rafiddinov

Izoh qoldirish

(*) bilan belgilangan maydonchalar to`ldirilishi shart bo`lgan joylar hisoblanadi.