Kitob dunyosidan bir go’zal tuhfa.
Men tirikman.
Kuyma, qayg‘urma… yetar,
Jon qadar sevadir seni bir odam.
O, qanday ojiz u, ojiz muqarrar.
Duo qilar… kuchi yetmas lojaram.
Axir, qarshisida dunyolar kibor.
Axir, yelkasida to‘ymasak ochun.
Axir, orzularni ko‘mdi necha bor
Tirik qolmak uchun…
Kun uchun…
Jasorat chulg‘aydi tungi soatda.
Uxlatmaydi ochiq ko‘zlari uni.
“Mudhishmi, deb o‘ylar, hayot tuyg‘usi –
Qo‘ymaydi og‘izni ochgani”…
Muhabbat boru-yo‘q quvonchidir, o!
Dengiz sohiliga yozar ismingni.
Dunyo osmoniga tushganda Iloh
Iltijo qiladir seni deb, seni.
Qanday qayg‘ularga solding uni, ayt,
Qirmizi tumanlar tushgan tonglari
“Men tirikman…” degisi kelaru faqat
Otilib chiqadi moviy qonlari…
* * *
Qanday tark etdim, o, qanday tark etdim!
U shaharda go‘zal dunyolarim bor edi,
O‘lsam, ikki qarich yerim bor edi,
Bor edi bor umrim, bog‘larim, sevgim.
Faryod ila chopdim.
Yorildi havo.
“Ne istasam qilgum, dedi odamxudolar.
Istasak, yasaymiz sendan ham xudolar.
Yediramiz yuragingni itlarga oyo”.
Itga yedirdilar… laʼnat aytdi u.
Boshqa nima, axir, nimayam qilsin?
Alarning ko‘zini tufrog‘ to‘ydirsin!
Bir afsungar afsun etganday go‘yo
xazonlar to‘kildi ustma-ust.
Oy-u Quyoshdan ham to‘kildi go‘yo.
Ul-da dunyo qadar yuk bo‘ldi-yu,
O! –
Dedim: “Yetar, g‘ichirlatma ularni, ey Kuz!..”
Yo‘q endi u shahar.
Yo‘q endi u ishq.
Hayot bor, umr bor va yo‘l bor so‘ngsiz,
Har ne-da sotilgan qora fursat bor,
Va yutaman degan qorong‘u dengiz.
Goho umid bilan va goho nokom
Ufqlar qaʼriga og‘ir qarayman.
Mezon qushlaridan Uni so‘rayman…
Shular yuragimga beradi orom.
* * *
Sen ham uxlamaysan.
Xayollar hadsiz.
Ko‘zlaringni yumib yotasan faqat.
Jimjit… buncha jimjitdir bu Vaqt.
Kimsasiz… o, buncha kimsasiz.
Yovuz porlab yotar tun marmar.
Sen ham uxlamaysan.
Bilaman.
Hamma chiroqlarin o‘chirib shahar
Muz asriga ketgan dafʼatan.
Na qushlar va na shamol hatto.
Na sharpa, na jonsarak arvoh.
O‘lim qo‘rqitar… bu jonsizlik aro
Hayot qo‘rqitadi undan battarroq.
* * *
Oyog‘ ostindadir gulday xazonlar,
Qizil, sorig‘, yashillar, zaʼfaronlar.
Bu ayroliq chaman boshiga tushmish,
Nechun kuymakda bizni ustixonlar?
Yomonsan, ay fasl… buncha yomonsan,
Qizil gullarni aylabsan somonlar.
Xazon yafrog‘i, buncha xasta boqma!
Kelur yodga makoni lomakonlar.
Yomonsan, ay o‘lim, buncha yomonsan,
Dog‘istondur yuraklar shu zamonlar…
FITRAT
Tugadimi, yurtim, tonglaring otib,
Quyoshlaring chiqib tamom bitdimi?
Yoki bir tushgancha qoldimi qotib
Qay bir vahim tuning – zulmat yetimi?
Bu tunning bag‘rida ivirsiydir shum
Ayg‘oqchi sharpalar nenidir poylab
Go‘yo yetti iqlim qilingan jodu,
Go‘yo haqning ko‘zi tashlangan boylab.
Bul-da tasodifmi?
Osmoning, olam,
Nechun to‘ntarilmas, nechun turar tinch?
Qonlarimda qaynar ming yillik alam,
Besh yuz yillik sog‘inch, yuz yillik o‘kinch.
Mening jonim halak, jahonim halak,
Qonim, turma, yugur, to‘xtama, urin.
Uyg‘on-ay, Turkiston,
Uyg‘on-ay tezrak
Tunlaringni sevib qolmasdan burun.
Hatto go‘rimda ham tinch yotolmasman,
Chekimga tushgandan qutqazmas o‘lim.
Uyg‘ota bilmasam,
Tongla mahsharda
Ko‘zlaringga qanday qarayman, elim?
SHOIR
Sen – shoir, chorlaysan osmon hurlarin…
Rauf PARFI
Sarg‘aygan, sarg‘aygan ko‘zin oqlari,
Qorachig‘da durrin yulduz porlaydi.
Hurlik istagidan o‘lar chog‘lari
Osmon hurlarini chorlaydi.
Manglayiga titroq izlarin solgan
Istiqbol yodidan larzakor tushlar.
Bo‘g‘ziga uyurma qushlar qamalgan –
Osmonidan ayrilgan qushlar.
Oy kabi uxlamay chiqar tunlari
Savollar tikani yulduzday bosar
Ko‘ngil kuyugidan qaro bistarin:
Nechun yer qattiqdir, yiroqdir osmon?
Umid shamlarida isinmoq tokay?
Nechun
Soqov bulbul tug‘ar turkiy guliston?
* * *
Hammasi joyida bundoq qarasang…
To‘lgan tomchi kabi og‘ir bu Avgust
Yilning adog‘iday tuyular hanuz.
Oy hamon sirlidir,
Oy hanuz maʼyus.
Yo‘llar ochiq kabi ketsang, sevgilim,
Axir, qushlar kabi mahkum emassan.
Hayot-da sen uchun,
Sen uchun o‘lim,
Hammasi sen uchun bundoq qarasang.
Tun ham lomakonday tiniq va sokin.
Tirilar marhuma xayollar.
Tila tilagingni, shohingdir alar.
Xayollar shohingdir,
Xayollar – hokim.
O‘zga dunyolardan kelganday sassiz
Tongning bir chetida turasan.
Sen uchun kabi-ku hammasi.
Hammasi joyida bundoq qarasang…
* * *
Shamol tashrifiga darchamni ochdim.
Qonday qizartirdi xonamni shafaq.
Quyosh – tomayotgan tomchi ko‘z yoshdir.
Ruhimda ibtido… yodimda “Alaq”…
Balki, u so‘ng bora bormoqda botib
Parishon yog‘duga chulg‘ab dunyoni.
Balki, Sen olisdan lolalar otding.
Balki, shundan porlar g‘urub osmoni.
Xayollar tubidan solaman nigoh.
Sumbula shomlari hilpirar sarmast.
Bir nasim yelmoqda… qayg‘u nima, o!
Hatto shodliklarga dosh berolmas qalb.
Haqiqat nimadir? So‘rarlar…
Lekin
Bir sado kelmaydi ming yildan nari.
O! ayni soniya haqiqat shulkim,
Ufqni yopmishlar gul yaproqlari.
Yorug‘lik izladik, balki, bu – xato,
Alardan – qalbiga muhr tushganlar.
Qaytadan dunyoga kelsak, mabodo,
Shunday yashar edik… shunday muqarrar.
Xayol dunyosida yasharmiz, haqrost.
Umid solayotir shafaqlar raqsi.
Botib borayotgan quyosh-ku,
Biroq,
Nechun ko‘zlarimda lolalar aksi?
* * *
Oqshomlar qop-qora bir sharob asta
Quyilarkan borliq jomiga mayin
Qaydan topib kelar bilgisiz g‘ussa
Yolg‘izlik to‘ldirgan kulbamni manim?
Yodimni chayqatar yoshlik bog‘lari
Balki, Vaqt ermakka ishlagan suvrat.
O‘chmasu qiynaydir, oh, do‘sti g‘arib,
Taxayyul, junundan to‘ralgan gulxan?
Tilangan zotlarning gadoyxaltasin
Shuhratu mansabga to‘ldirarkan Vaqt
Chorlasak, biz bilan ketajakdir kim?
Biznimi izdihom etajak yo g‘arq?
Biz faqat ishq dedik, shudir Haq dedik,
O‘zgasi shak dedik, axir, shak dedik…
ILTIJO
Bog‘chalar qoraygan. Yomg‘irlar tinmas.
Chirigan yaproqlar bosilmish zilday.
Qushlar oshyonini etib ketgan tark.
Bu kech kuz mavsumi chayqalar ko‘lday.
Xayol o‘zanida tunning daryosi
Yupun bolalikka eltar oqizib:
Unutilmish gulu giyohlar isi
Xaloskor qayiqday kelarlar suzib.
Oromning qo‘rg‘oshin qo‘rg‘onlarida
Singan naylarimga oqib kirsin kuy –
Ey fano soqiysi, ey fasli adam,
Sirlaringni mening qadahimga quy!
Kechmish va kelajak kelar yuzma-yuz…
Qayiqlar tilida so‘ylar Xazonrez…
AFIFAga
Yot bir o‘zanlarda oqmoqda umrim,
Kiprigim ko‘tarsam, nigohim – malol.
Sen nega uyg‘onding, ming yillar burun
Qalbimning tubiga ko‘milgan savol?!
Biz ermak qilamiz yashamoqlikni,
Qon oqmas – tomirlar bosgandir qurum.
Dunyo sig‘dirarmi senday poklikni,
Dunyoning tilida sayramas qumrim?!
Palidlar hukm etar nechun bu kunlar,
Eʼtiqod istasang – qismating so‘zlik?!
Qaysi sahrolarda tindi quyunlar,
Nechun Haq deganning haqqi – haqsizlik?!
Bir biyik oh yotar ko‘ksim qulfida,
Sen uni chekmoqqa yaralding balki…
AYOL
Siz uning ismini shivirlab ayting,
Ismi – hurkak ohu, balki, bilmassiz.
Bilmassiz, yo‘qotib qo‘ygaysiz, keyin
Bir umr pushaymon o‘rtagay hadsiz.
Zangor kengliklarni nurday sipqoring,
Xo‘plang jomi Jamning chog‘irlariday.
So‘ng ismini so‘rang ko‘hna dunyoning
Miz-miz yig‘lab yotgan yomg‘irlaridan.
O‘n sakkiz ming olam shamollarida
Salanglagan dorlar aytadir bir kuy.
Siz uni takrorlang folbin pariday
Tangri unga atab qo‘ygan ism bu.
O‘ylang uning ismin aytishdan burun,
Bu qismat qahrli bo‘lgay beomon.
Uning ismi – kutib yotgan botirin
Yo borsa-kelmasdir, yo borsa-gumon.
O‘ylang, keyin asta shivirlab ayting,
Ovozingiz mayin yelga aylansin.
Bir kashfdan larzaga tushgaysiz, tayin:

Uning ismin faqat shivirlab ayting…