Search for:

TUG‘ILMOQ – SEVMOQ DEMAK (Blez Paskal)

Inson tafakkur uchun yaralgan. U uzluksiz, har lahza tafakkur yuritadi, mulohaza qiladi. Biroq baxtiyor qila oladigan bokira fikr-mulohazalar bilan xayoli hamisha band bo‘lsa, toliqadi va holdan toyadi. Inson yakrang turmush tarziga moslashmagan, unga harakat va faoliyat zarur. Boshqacha aytganda, xotirjamligini ehtiroslar tug‘yoni o‘qtin-o‘qtin bezovta qilishi zarur. Ularni jo‘shqin va teran ehtiroslar manbai – qalbidan topadi.

Muhabbat va izzattalablik – boshqa ko‘plab his-tuyg‘ular tajassumi hisoblanuvchi ikki asosiy insoniy his. Bu tuyg‘ular xilma-xil ekanidan qatʼi nazar ko‘pchilikning eʼtiroficha, ularni bog‘lovchi xossalar mavjud. Aslida esa, ular, aksincha, o‘zaro kushanda, yov bo‘lmagan taqdirda ham bir-birini zaiflashtiradi.

Qanchalar teran, qamrovdor aql-idrokka ega bo‘lmaylik, faqat yagona kuchli tuyg‘uni his eta olamiz. Shu bois ham muhabbat, ham izzattalab­lik dardiga mubtalo ekanmiz, bu tuyg‘ularning har biri o‘z kuch-qudratining atigi yarmini namoyon etadi, basharti biri ikkinchisiga monelik qilmaganida, deylik, ulardan bittasining qudrati to‘laligicha namoyon bo‘lardi.

Bu ikki tuyg‘uning yuzaga kelishi ham, so‘nishi ham yoshga bog‘liq emas. Ular hayotning dastlabki lahzalaridayoq paydo bo‘lib, inson qalbiga umrbod hamrohlik qiladi. Biroq otashtalab bo‘lgani uchun odamlar navqironlik yillarida ularga ko‘proq moyil bo‘ladilar va shu bois umr o‘tgani sayin tuyg‘ular o‘tmaslashib boradiganday taassurot paydo bo‘ladi, holbuki bu kamdan-kam ro‘y beradi.

Inson hayoti achinarli darajada qisqa. Dunyo­ga kelgan lahzadan hayot hisob-kitobi boshlanadi. Menga qolsa, inson hayotini aql-idrok, tafakkur qilish qobiliyati shakllangan – fahm-farosat bilan ish tutadigan palladan, odatda kamida yigirma yoshdan hisoblagan bo‘lardim. Bu yoshgacha boladan deyarli farqimiz yo‘q bo‘ladi, bola esa hali to‘la-to‘kis inson degani emas.

Dastlab mehr-muhabbat, keyinchalik esa izzattalablik hukmronlik qiladigan hayot qanchalar baxtli-ya! Tanlash imkoniyati bo‘lganida, boshqacha hayotni xayolimga ham keltirmagan bo‘lardim. Qalbimizda toki alanga gurullar ekan, ishq iskanjasida bo‘lamiz, biroq ertami-kechmi alanga so‘nadi – o‘shanda izzattalablik uchun tasavvurga sig‘maydigan ufqlar ochiladi! Jo‘shqin hayot favqulodda tafakkur sohiblariga nasib etadi, arosatdagilarga bunday hayotning qizig‘i yo‘q: jamiki saʼy-harakatlarni sodir etishda g‘ayriixtiyoriy ish tutishadi. Shu bois hayotining avvalida ishq-muhabbatga mubtalo bo‘lib, yoshi o‘tinqiragach, izzattalablik domiga tushadigan inson his qilishi mumkin oliy baxt-saodatga erishadilar.

Insonning tafakkuri qanchalar o‘tkir bo‘lsa, his-tuyg‘ulari ham mutanosib ravishda kuchli bo‘ladi. Axir ehtiroslar – garchi tashqi sababi tana bilan bog‘liq bo‘lsa ham, aslida to‘la-to‘kis tafakkurga mansub tuyg‘ular va fikr-muohazalar; demak, ularda aql-idrokka yot hech vaqo yo‘q, binobarin, ular tafakkurga mutanosib. Bu o‘rinda faqat jo‘shqin ehtiroslarni nazarda tutyapman. Boshqa his-tuyg‘ular esa iztirobli mavhumlikni yuzaga keltirib, aksariyat qorishiq bo‘ladilar; biroq kuchli aql-idrok sohiblari hech qachon bunday holatga tushmaydilar. Qalban buyuklik – ulug‘vor qalb barcha jihatlarda o‘zligini namoyon etadi.

Baʼzan sevishning hojati bormi, deya so‘raydilar. Bu haqda so‘roqqa hech o‘rin yo‘q, buni his etish, boshdan kechirish lozim. Odamlar sevish-sevmaslik haqida mulohaza qilmaydilar – mayllariga amal qilib, biron gumon tug‘ilishi hamono laqqa tushadilar.

Tafakkurning ravshanligi ehtiroslar bokiraligiga zamin hozirlaydi, shu bois teran va ravshan aql-idrok sohibi jo‘shqin dil bilan seva oladi va muhabbatiga hamisha imoni komil.

Ikki xil aql-idrok mavjud: birinchisi geometrik, ikkinchisini esa hafif aql-idrok de­yish mumkin.

Dastlabki aql-idrok sohibi narsa yoki ashyoni turli tomonlardan sinchiklab ko‘zdan kechiradi. Ikkinchi xil aql-idrok sohibi esa shunday oqilona mulohaza sohibiki, sevadigan odamining ko‘plab jozibador xislatlarini bir qarashdayoq ilg‘aydi. Uning o‘tkir nigohi qalbgacha yetib boradi, natijada lahzalik imo-ishoralar vositasida qalbdagi kechinmalarni payqaydi.

Har ikki xil aql-idrokni umumlashtira olgan shaxs muhabbatdan naqadar lazzatlanishini tasavvur qilish qiyin! Axir u nainki aqliy kuch-quvvat, balki muhabbatini g‘oyat nafosat bilan izhor eta olishi uchun zarur tafakkur sohibi ham.

Biz qalbimizda sevgi bilan dunyoga kelamiz. Aql-idrokimiz takomillashgani sa­yin muhabbatimiz shakllanib, jozibador go‘zallik asli qanday ekanini hech qachon uqtirmaganlaridan qatʼi nazar, o‘zimiz go‘zal hisoblovchi siymoni sevishga undaydi, daʼvat etadi. Binobarin, yolg‘iz muhabbat uchun dunyoga kelganimizga kim ham shubha qilardi? O‘zimizdan yashirish bemaʼnilik: biz hamisha sevamiz, hatto ishq-muhabbatdan nafratlanganday bo‘lsak ham, aslida sevgi qalbimizning qaʼrida yuzaga chiqish uchun payt poylaydi. Illo, muhabbatsiz bir lahza ham yashay olmaymiz.

Inson yolg‘izlik yukini ko‘tara olmaydi; binobarin u sevadi, demak, mehr-muhabbatini baxshida etadigan manba – siymo topishi zarur. Faqat go‘zallik sohib-sohibasi shunday manba bo‘la oladi; uning o‘zi – barcha ilohiy mavjudotlarning gultoji bo‘lgani bois yon-atrofda qidirayotgan joziba namunasini o‘z qalbidan topishi kerak. Tashqi ashyolar bu namunaga mos kelish-kelmasligiga binoan odamlar o‘zlari uchun har bir narsaga nisbatan go‘zal va xunuk tushunchasini hosil qiladilar. Lekin garchi inson o‘z “Men”ining sarhadlaridan yorib chiqqani hamono yuzaga keluvchi cheksiz bo‘shliqni to‘ldirish uchun vosita qidirganidan qatʼi nazar istalgani bilan qanoatlana olmaydi. Uning qalbi ufqlari juda keng; shu bois axtarayotgan allanarsa loaqal unga o‘xshash yoki yaqin bo‘lishi talab etiladi. Shuning uchun u tanlaydigan jozibador go‘zallik nainki uyg‘un, balki o‘xshash bo‘ladi. Bu uni turli jinslar doirasiga doxil etadi.

Bu haqiqatni ona tabiat qalbimizga shu qadar qatʼiy muhrlaganki, bunday go‘zallikni qabul qilish, idrok etish uchun na sanʼat, na biron-bir malaka talab qilinadi; aftidan, qalbimizda uning uchun alohida maxsus joy mehrob ajratilgan-u, u bo‘sh qolmasligi kerak. Buni taʼriflashdan his etish oson. Tabiiy tushuncha, fahm-farosatining nigohini xiralashtirib, ularni nazar-pisand qilmaydigan kimsalargina buni payqamaydilar.

Umumiy jozibador go‘zallik tushunchasi qalbimizga qatʼiy muhrlanganiga qaramay, nafosatga oid tasavvurlarmiz, afsuski, bir xil emas, lekin buning yolg‘iz sababi mayl-ishtiyoqlarimizga borib taqaladi. Illo, bizga shunchaki go‘zallikning keragi yo‘q – biz uchun yana qator jihatlar muhim bo‘lib, ular biz ko‘proq nimalarga moyil ekanimizga bog‘liq va shuning uchun aytish mumkinki, har bir inson o‘ziga xos va mos, alohida go‘zallik timsolini yaratib, uning tajassumi bo‘lgan siymoni to‘rt tomondan axtaradi. Bunday go‘zallik timsoli aksariyat ayollar bo‘ladp. Erkaklarning es-hushiga yolg‘iz xukmronlik qilgan holda o‘zlariga xos yoxud o‘zlari qimmatli bilgan go‘zallik belgilari bilan go‘zallikka oid erkaklar tasavvurini to‘ldiradi; boshlang‘ich go‘zallik g‘oyasi ko‘ngillari tusagan xossalar bilan qo‘shimchalar kiritadi. Shu bois och malla ranglilar davru davroni va qoramtir jononlar asri bo‘ladi va shunga mos ravishda, ayollarning unday yoki bunday ko‘rinish kasb etishni afzal bilishlariga binoan erkaklarning ham didi o‘zgaradi.

Go‘zallikka oid tasavvurimiz hatto biz yashaydigan mamlakatdagi rasm-rusumlar va modaga ham bog‘liq. Urf-odatlar ehtiroslarimiz ustidan hukmronlik qilishi hayratlantiradi. Bundan qatʼi nazar har bir insonning go‘zallikka oid shaxsiy tasavvuri bo‘lib, shundan kelib chiqqan holda boshqalar haqida fikrlaydi. Oshiqning nazdida maʼshuqa boshqa barcha qiz-juvonlardan afzal go‘zallik namunasi.

Go‘zallik g‘oyat rang-barang. Uning eng nafis timsoli – ayol. Ayol oqila bo‘lsa, go‘zallikka hayratlanarli ruh baxsh etib, yana ham yuksaltiradi.

Agar ayol manzur bo‘lishni istasa va bu borada barcha go‘zal fazilatlar sohibi bo‘lsa yoki loaqal ularning ayrimlariga ega bo‘lsa, niyatiga, albatta, yetadi. Ustiga ustak erkaklar unga salgina eʼtibor bersalar bas, hech bir saʼy-harakat qilmasa ham uni, albatta, kimdir sevib qoladi. U biron tashna qalbdagi bo‘sh muhabbat taxti sohibasiga – malikaga aylanadi.

Inson huzur-halovat uchun yaralgan. Buni his etadi, boshqa isbotlarga hojat yo‘q. Binobarin, rohat-farog‘atga berilar ekan, inson aqlan ish tutadi. Lekin ko‘pincha shunday hol ro‘y beradiki, qalbida ehtiros tug‘yonini his etgani holda buning ildizini bila olmaydi.

Soxta farog‘at ham chinakam rohat kabi aql-idrokni egallishi hech gap emas. Biz esa uning soxta ekanini xayolimizga ham keltirmaymiz, chunki chinakam, haqqoniy lazzat deb o‘ylaymiz! Muhabbat haqida bahs yuritish asnosida ayni dardga mubtalo bo‘lamiz: axir bu insonga xos g‘oyat tabiiy ehtirosli tuyg‘u!

Muhabbat yoshga qaramaydi, qayta-qayta tug‘ilaveradi. Buni sheʼriy asarlar isbotlaydi, shoirlar muhabbatni farzanddek tasvirlashlari bejiz emas. Biroq aslida ham shunday ekanini sheʼru ashʼorsiz ham his qila olamiz.

Muhabbat aqlga aql qo‘shadi va ayni paytda tafakkurga tayanadi. Muhabbat – sanʼat, sanʼatkorlik, ijodkorlikni taqozo etadi. Deylik, oshiq maʼshuqaga manzur bo‘lish uchun ishga soladigan vositalar kun sayin kamaya boradi, biroq ahdi qatʼiy bo‘lgani bois uning mehrini qozonadi.

Izzattalab, shaxsiyatparast bo‘lganimiz bois ko‘pchilik mehriga loyiqmiz deb hisoblaymiz; shuning uchun ham sevimli bo‘lish xush yoqadi. Muhabbatga tashnaligimiz tufayli bizni sevadigan mahbubaning nigohida tez-tez muhabbat yolqinlariga ko‘zimiz tushadi. Axir nigohimiz – qalbdagi kechinmalar ko‘zgusi, bu oynadagi bitiklarni faqat xushyor oshiq yo maʼshuqa o‘qiy oladi.

Yolg‘iz kimsa – yarim bag‘ir, yarim ko‘ngilday gap. Baxtli bo‘lish uchun o‘z tengini topishi zarur. Aksariyat umr yo‘ldoshni yoru birodarlarimiz doirasidan axtaramiz: ularning davrasida o‘zimizni bemalol tutamiz va o‘zligimizni namoyon etish imkoniyatlari ko‘p. Biroq baʼzida yuqoriroq doiralarga nazar tashlaymizu muayyan nigohdagi yolqinga ko‘zimiz tushganidan qatʼi nazar buning sirini kashf etishga jurʼatimiz yetmaydi.

Tanlagan maʼshuqangiz avvaliga yaqiniga yo‘latmagani bois dastlab muhabbatga izzattalablik hamroh bo‘lishi mumkin, lekin hech qancha fursat o‘tmay ishq yakka-yolg‘iz hukmronga aylanadi. Bu shunday hukmfarmo tuyg‘uki, taxtida yolg‘iz xukmronlik qilish maqsadida yon-atrofida baslashishga daʼvogar hislar bilan mutlaqo chiqisha olmaydi. Bo‘lak tuyg‘ular barchasi unga yo‘l berishi va itoat qilishi shart.

Odatiy teng moyillikka nisbatan ulug‘vor qadrdonlik kuchliroq jalb etadi. Yengil-yelpi hech qanday kechinma inson qalbining teranlik­larini bo‘ylay olmaydi; faqat oliyjanob, ulug‘vor tuyg‘ular qalbimizga doimiy hamroh bo‘la oladi.

Kitoblarda aksariyat shunday fikr-mulohazalar bildiriladi-ki, ularning haqqoniyligini faqat har bir insonni o‘zi ustida mulohaza yuritishga majburlash va bevosita ishonch hosil qilish asnosida asoslash mumkin. Kaminaning barcha fikr-mulohazalari ham ayni shu asno tasdiqlanadi.

Biroz fahm-farosatga ega, nazokatli odam muhabbatning nozikligini ham his etadi. Axir biron-bir tashqi narsa hayajonga solgani kabi tasavvuriga zid ashyolardan yiroqlashishga urinadi. Nazokatlilik mezonini ravshan, olijanob va ulug‘vor tafakkur belgilaydi. Biz nazokatli bo‘lmagan holda o‘zimizni shunday xislatga ega deb hisoblashimiz hech gap emas va buning uchun yon-atrofimizdagilar taʼna qilishga, qoralashga haqli. Aksincha, go‘zallik borasida har kimning shaxsiy mezoni mavjud bo‘lib, boshqalarning didiga bog‘liq emas. Biroq nazokatlilik bilan undan batamom mahrumlik o‘rtasida oraliq nuqta borligini hamda nazokatli bo‘lishni istagan odam ko‘zlagan maqsadidan uncha uzoq masofada emasligini eʼtirof etishimiz zarur. Nazokatli erkaklar ayollarga xush yoqadi va, menimcha, ayni shu xislat vositasida ularning mehr-muhabbatini qozonishdan osoni yo‘q. Minglab kishilar orasidan aynan sizni tanlagani kimga ham xush yoqmaydi deysiz.

Tafakkur qobiliyatini mashqlar vositasida hosil qilib bo‘lmaydi, ularni faqat barkamollashtirish mumkin. Shuning natijasida oydinlashadiki, nazokatlilik, nuktadonlik – sanʼat natijasi emas, balki tabiiy, tug‘ma xislat.

Inson qancha aqlli bo‘lsa, uning nazdida go‘zallik shakl-shamoyillari shuncha ko‘p, biroq bu borada sevgi dardiga chalinmagan bo‘lishi kerak, chunki oshiqning nazdida butun go‘zallik maʼshuqaning yagona timsolida mujassamlashadi.

Juvon o‘zgalar qalbini zabt etishi natijasida har gal o‘z qalbida boshqalar uchun joy hozirlayotganday tuyulmaydimi? Buni rad etuvchi ayollar borligini, haqiqatdan ham, bilaman. Biroq kim buni noto‘g‘ri deydi? Olishning berishi bor.

Basharti fikr-mulohazalar muttasil yolg‘iz mavzu bilan band bo‘lsa, toliqadi va g‘ariblashadi. Shu bois muhabbatdan imkon qadar ko‘proq bahra olish uchun muhabbat dardimizni o‘qtin-o‘qtin yodimizdan chiqarishimiz, xayoldan faromush qilishimiz kerak. Bunda hech qanday xiyonat yo‘q: axir boshqalarni sevayotganimiz yo‘q, faqat sevgimiz otashi so‘nib qolmasligi uchun kuch-quvvat to‘playapmiz, xolos. Bu o‘z o‘zidan ro‘y beradi; aql-idrokimiz hisobotsiz daʼvatga binoan, o‘ziga dam beradi – bu tabiat hukmi, tabiiy holat. Biroq shu asno inson feʼliga xos zaiflikka yo‘l berayotganimizni ham eʼtirof etmaslikning imkoni yo‘q va biz fikr-mulohazalarda o‘zgarishlar qilishga ehtiyoj sezmaganimizda, yana ham baxtliroq bo‘lar edik. Afsuski, bu borada inon-ixtiyorimiz o‘z qo‘limizda emas.

Izhor qilinmagan sevgining naʼshasi iztirobli o‘y-xayollar bilan yo‘g‘riladi, biroq bunday muhabbatning o‘ziga xos zavqi bor. Qalbimiz to‘ridan joy olgan siymoga manzur bo‘lish bilan bog‘liq barcha ishlarga sidqidildan kirishamiz. Kun sayin o‘zligimizni kashf etishning yangidan-yangi usullarini o‘ylab topamiz. Bu yumushlar uchun mehrimiz tushgan siymo bilan suhbatlashishga ketadigan vaqtga teng fursat sarflaymiz. Maʼshuqa ko‘nglimizda kechayotgan tug‘yonlarni bilish-bilmasligidan qatʼi nazar, nigohimiz goh alangalanib, goh so‘nadi; bu tug‘yonlarning barchasi ular uchun g‘oyat mos siymo tufayli ekanini his etish ham mamnun etadi. Hislarimizni bayon etish uchun bulbulday sayragimiz keladi; holbuki muhabbatimizni so‘zlar bilan ifodalashga jurʼat qila olmay teran maʼnoga ega imo-ishoralar, saʼy-harakatlar bilan cheklanishga, qanoatlanishga majburmiz.

Muhabbat qalbni zavq-shavq bilan limmo-lim etib, butun fikru zikrimizni egallab oladi. Bu baxtiyorligimiz nishonasi, chunki ehtirosni bir maromda saqlab turishning butun sir-asrori tafakkurda bir paysa ham bo‘shliq joyni qoldirmaslikdan, uni bor bo‘yicha muhabbatimizga oid mastona xayollarga g‘arq qiluvchi narsalarga muttasil yo‘naltirishdan iborat. Lekin agar biz tomoshabinday chetda turaveradigan bo‘lsak, bunday mahliyolik kayfiyatini uzoq saqlay olmaymiz. Chunki ikki shaxs – manzur-mahbuba uchun xos ehtiroslar girdobida yolg‘izlanib qolganimiz bois his-tuyg‘ularimiz tezda barham topadi.

Ehtiroslar, his-hayajonlar yangilashga muhtoj. Inson aql-idroki xilma-xillikni tusaydi va kimki shunday yangilanishga moyil bo‘lsa, unday manzur-mahbubaning bahridan kechish qiyin. Ehtiroslar o‘ta taranglashgach, baʼzan jo‘shqinligini yo‘qotadi. Hayotbaxsh manbadan mahrum bo‘lgach, so‘nib-so‘lamiz va bag‘rimizni nimtalovchi iztirobli xayollar iskanjasiga tushib qolamiz. Biroq zaifona umid shuʼlasi miltillagani hamono qalbimiz qush kabi qanot bog‘laydi. Ayollar uchun bu aksariyat o‘yinday gap, lekin baʼzida befarq emasligini izhor etib, chinakamiga hamdardlik bildiradilar – o‘shanda yana o‘zimizni baxtiyor sezamiz.

Kuchli va sobitqadam muhabbat hamisha inja saʼy-harakatlar bilan boshlanadi. Bu borada asosiy vazifa ko‘zlar zimmasiga tushadi. Lekin nigohlar ifodasi – sir-asrorini ilg‘ay bilish zarur.

Ikki shaxs – oshiq-maʼshuq yagona ishq-muhabbat alangasi ichra yonar ekan, nigohlar ifodasini uqishlari shart emas. Chunki ulardan loaqal biri ikkinchisi nima demoqchi ekanini, hatto uni tushunmagan yoxud tushuna olmagan taqdirda ham shubhasiz anglaydi.

Oshiq bo‘lganimizda, yaʼni sevish asnosida butunlay boshqa insonga aylanganimizni payqaymiz. Qanchalik o‘zgarganimizni yon-atrofdagilarning barchasi payqaganday tuyuladi. Bu o‘ta xato tasavvur, lekin aqlu hushimizni jo‘shqin ehtiroslarimiz xiralashtirib qo‘ygani bois o‘zimizni aksincha ekaniga ishontira olmaymiz va yon-atrofdagilarga ishonqiramay munosabatda bo‘lamiz.

O‘zgalar ko‘nglida kechayotgan ehtirosli tuyg‘ularni payqashiga oshiqning ishonchi komil. Bu ko‘ngliga g‘ulg‘ula soladi.

Muhabbat yo‘li, qissa-dostoni qanchalik uzun bo‘lsa, nazokatli qalb sohibi shuncha ko‘p zavqu shavq og‘ushida yashaydi.

Shunday odamlar borki, ular uzoq muddat umidvorlik bilan yashaydilar – bular nazokatli aql-idrok sohiblari. Boshqalar esa to‘siqlarga astoydil qarshi tura olmaydilar – bular o‘ta zaif farosat egalari. Dastlabki aql-idrok sohiblari feʼl-atvorida barqarorlik bor; ular ishqdan cheksiz zavqlanadi. Navbatdagi fahm-farosat egalari esa juda tez sevib qolishidan qatʼi nazar muhabbatining umri qisqa bo‘ladi.

Ehtirom – muhabbatning dastlabki alomati. Sevgan mahbubamizni g‘oyat eʼzozlaymiz va bu tabiiy, chunki mehrimizga sazovor siymoning tengi bo‘lishi mumkin emas.

Shoir-adiblar mahbubalar his-tuyg‘ularini butun rang-barangligi ila aks ettirishlari juda mushkul. Buning uchun ularning o‘zlari bu dardni – muhabbat iztiroblari va quvonchlarini boshdan kechirishlari zarur.

Aqlning aynishi singari ahloqsizlik ham o‘ta dahshatli.

Ishq-muhabbatda sukut – har qanday taʼrifdan qimmat. Tortinchoqlik tilimizni bog‘lab tashlagani maʼqul: sukut saqlashda shu qadar teran maʼno mujassamki, u har qanday izhori dildan ko‘ra qalbga yaxshiroq yetib boradi. Oshiq tortinchoqlik ichra sukut saqlash asnosida qalbi maʼshuqasiga aytadigan muhabbat izhorlari bilan limmo-lim bo‘ladi va bu borada qanchalar aql sohibiga aylanadi! Har qancha so‘zamol bo‘lmaylik, aksariyat butun so‘z boyligimiz sob bo‘lgani afzalday tuyuladi. Bu borada hech qanday hisob-kitob va hech qanday qonun-qoida yo‘q. Hammasi qanday bo‘lishi kerak bo‘lsa, ayni shu tartibda sodir bo‘ladi.

Ko‘pincha shunday bo‘ladiki, ko‘ngil qo‘yganini hatto xayoliga ham keltirmagan maʼshuqasiga oshiq uzoq muddat sodiq bo‘ladi. Biroq buning uchun g‘oyat bokira va otashin muhabbat bilan sevish zarur. Odamlarning aql-idroki, birobarin, ehtiroslari qandayligini o‘zimizga qiyosan bilib olamiz.

Oshiq yoru birodarlarini ham unutib, qadr-qimmati haqida o‘ylamaydi, degan fikrni men ham maʼqullayman. Jiddiy, sadoqatli, mehr-oqibatli do‘stona munosabatlar ham shunga olib keladi. Oshiqlarning bu qadar beparvoligi bejiz emas, chunki maʼshuqasidan bo‘lak yana biron-bir kimsaga muhtojlik ularning hatto xayoliga ham kelmaydi. Ishq iskanjasidagi oshiq o‘zi haqida qayg‘urmaydi ham, xavotirga ham tushmaydi. Busiz muhabbat tom maʼnodagi jo‘shqinlik kasb etmaydi; shu bois oshiq odamlarning fikr-mulohazalari bilan zarracha qiziqmaydi, bilgani shuki, yon-atrofdagilar saʼy-harakatlariga malomat toshlarini yog‘dirmasliklari zarur, chunki oshiqona saʼy-harakatlar sog‘lom aql bilan yo‘g‘rilgan. Ehtiroslar domiga tushib qolgan, muhabbat dardiga tamomila mubtalo devonai ishq mulohaza yuritish qobiliyatini yo‘qotadi hisobi.

Ayolning xayrixohligi, mehr-muhabbatini qozonish umidi bilan yigit dastlabki qadamni tashlaydi – bu shunchaki urf-odat emas, balki tabiat zimmasiga yuklagan burchdir.

Muhabbat mubtalo qiluvchi devonalik va maʼshuqaga mahliyolik oshiq feʼl-atvorida ilgari bo‘lmagan xususiyatlarni paydo qiladi. Muhabbat odamlarni olijanob, bag‘ri keng, Hotamtoy qiladi. Hatto xasis kimsa ham hotamtoyga aylanib, avvalgi odatini hatto xayoliga ham keltirmaydi. Bular – bejiz emas. Chunki ko‘ngilni toraytiradigan va azoblaydigan his-tuyg‘ular bilan birga shunday jo‘shqin ehtiroslar ham mavjudki, ular qalbga cheksiz kuch-quvvat baxsh etadi.

Muhabbatni aqldan ayricha tasavvur qilishga behuda urinadilar. Ularni qarama-qarshi qo‘yish uchun asos yo‘q, chunki idrok va mehr-muhabbat ayni bir, yaxlit xislat. Biz yaxshi bilib ulgurmasdan muayyan inson bilan qiziqa boshlaymiz – bu aql-idrokning o‘ziga xos shoshma-shosharligi, biroq bunday ish tutish oqillikka begona emas va biz boshqacha bo‘lmasligimiz, bu haqda o‘ylamasligimiz ham kerak: aksincha, his-tuyg‘udan mahrum mashinaga aylanib qolgan bo‘lardik. Basharti shunday ekan, muhabbatdan idrokni ayirmaylik, chunki ular ajralmas, bir butun, yaxlit.

Bundan kelib chiqadiki, shoirlar daʼvo qilganidek, muhabbatning ko‘zi ko‘r emas. Yorug‘ dunyoni berkitib turgan bog‘ichni muhabbat nigohidan yulqib olish zarur.

Ishq uchun yaralgan qalb faol, jo‘shqin voqealarga boy hayotga mushtoq. Qalbga orom begona, bezovta, shu bois yon-atrofdagi hamma-hammasi unga mos ravishda qaynab-toshishi kerak. Shunday jo‘shqin hayot tarzi qaynoq ehtiroslar uchun keng ufqlar ochadi. Saroyga qadam ranjida qilmaydigan shaharliklarga nisbatan saroy ahli osonlik bilan mahliyo qilishlari bejiz emas: ahli saroyning qalbida hamisha alanga yolqinlanadi, ostona hatlab tashqariga chiqmaydigan shaharliklar esa qalbga tug‘yon soladigan jiddiy biron voqea ro‘y bermaydigan yakrang, tussiz turmush tarziga ko‘nikib qolgan. Jo‘shqin turmush tarzi kutilmagan voqea-hodisalar ato etadi, aqlni charxlab, yorqin taassurot qoldiradi.

Menimcha, muhabbat qalbni o‘zgartiradi, yangilaydi. Ishq yuksaltiradi va olijanoblik baxsh etadi. Feʼl-atvor, amallar – barcha-barchasi muhabbatga mos bo‘lishi zarur, aksincha zalvorli muhabbat yukini ko‘tarish amri mahol.

Go‘zallik va yoqimlilik – aynan bir xil ekani barchaga ayon. Bu borada so‘z-iboralar va saʼy-harakatlardagi axloqiy go‘zallikni nazarda tutyapman. Ha, yoqimtoy, xushro‘y bo‘lishning, albatta, muayyan qonun-qoidalari mavjud, biroq yana jismoniy xayrixohlik ham borki, bu siz bilan bizning ixtiyorimizga bog‘liq emas.

Yoqimtoylikka oid shu qadar ideal tasavvurni hosil qildikki, go‘yo butun dunyoda unga munosib siymo yo‘q. Do‘ppini yonimizga olib qo‘yib, astoydil mulohaza yuritaylik va odamlar feʼlidagi samimiyat va aqliy tiyraklik maftun qilishini eʼtirof etaylik. Bu ikki fazilat ishq uchun juda zarur: oshiq shoshishi ham, sustkashlik qilishi ham kerak emas. Qolgan barchasini tajriba ixtiyoriga qo‘yib beravering.

Hurmat va mehr-muhabbat o‘zaro shu qadar mutanosib bo‘lishi kerakki, o‘zaro tayanch bo‘lishi va ehtirom ishqdan ustunlik qilmasligi kerak.

Ketma-ket sevadigan kimsalar emas, balki bor vujudi bilan sevadiganlar qalban bag‘rikeng siymolar hisoblanadi. Ularni faqat tiyiqsiz jo‘shqin ehtiros muvozanatdan chiqarib, butun vujudini qamray oladi. Biroq ularning qalbida muhabbat tug‘ilsa, boshqalarga namuna bo‘la oladigan tarzda kuchli sevadilar.

Turli xalqlar turli darajada sevgi dardiga mubtalo bo‘ladi, degan aqida mavjud. Aslida bunday emas; nima bo‘lganda ham bu fikrni mutlaq haqiqat sifatida qabul qilib bo‘lmaydi.

Muhabbat toki fikr-mulohazalarning muayyan siymoga yo‘nalganligidan iborat ekan, hamma joyda bir xil xususiyatga ega ekani shubhasiz. Ishq tuyg‘usi yolg‘iz ko‘ngil ishi bo‘lmagani tufayli ob-havo, iqlimning xilma-xilligi unga muayyan o‘zgartirishlar kiritadi, biroq bu faqat tanaga taalluqli.

Muhabbat – bamisoli oqilona mazmun-mohiyat. Boshqalarning aqli qancha bo‘lsa, shuncha aql-idrokka ega ekaniga, binobarin boshqalar qanday sevsa, o‘zlari ham ayni shu asno sevishiga har bir insonning ishonchi komil. Biroq, jiddiy mulohaza yuritguday bo‘lsak, mahbubada har bir inson uchun shunday fazilatlar qimmatliki, ularga boshqalar eʼtibor bermaydi (Bu farqni ilg‘ash uchun jiddiy sinchkovlik, nuktadonlik zarur).

Kimki o‘zini sevib qolganday tutadigan bo‘lsa, rosmana muhabbat dardiga mubtalo bo‘lishi hech gap emas; nima bo‘lmasin, bu borada yengil qiziquvchanliksiz, ishqibozliksiz ish bitmaydi. Axir Majnun qiyofasiga kirishga intilayotgan ishqiboz boshqalarni ishontirishga astoydil urinadi, aksincha bo‘lsa, uning daʼvosiga kim ham ishonardi?

His-tuyg‘ular, ehtiroslar tug‘yonini pinhon tutish boshqa muhimroq tuyg‘ularni yashirishdan ko‘ra murakkab. Hissiyotlarni pinhon saqlash uchun dastavval hayrat, topqirlik, yengil va oniy aqliy zukkolik zarur, boshqa tuyg‘ularni sir saqlash uchun faqat ziyraklik qilish va vaqtni cho‘zish kifoya, bu, albatta, nisbatan oson.

Mehrimiz tushgan mahbubadan toki olis ekanmiz, qo‘limizdan kelmaydigan ish yo‘qday va sevgimizni shoirona tesha tegmagan iboralar bilan izhor etishga qodirday sezamiz, biroq ro‘baro‘ kelganimiz hamono go‘yo oyoq-qo‘limiz tushovlanib, tilimizga kalima ham kelmaydi. Bunday zaifona sustkashlikning boisi ne? Gap shundaki, mehrimiz tushgan siymodan toki maʼlum masofada ekanmiz, ruhiy muvozanatni saqlashimiz oson, ayni paytda mahbubaa yonida qatʼiyatdan tamomila mahrum qiluvchi allaqanday hayajon girdobiga tushib qolamiz.

Barchasini boy berishdan cho‘chiganimiz bois muhabbat masalasida tavakkal qilishga jurʼatimiz yetmaydi. Albatta, ilgarilash zarur, biroq aynan qaysi nuqtada to‘xtash kerakligini kim biladi? Toki shu nuqtani aniqlamas ekanmiz, o‘zimizni qo‘ygani joy topolmaymiz, lekin topgach, undan xatlab o‘tish oson. Bu borada oqilona ish tutish naf bermaydi.

Sevgi dardiga mubtalo bo‘lish va mehr-muhabbat qozonganimizga ishona olmaslikdan ham iztirobli holat yo‘q. O‘qtin-o‘qtin umid ko‘nglimizni yoritsa, lekin keyinchalik qo‘rquv qamrab oladi va pirovard natijada yengadi.

Sidqidildan sevganimizda mehrimiz tushgan mahbubaga har gal ilk bora ko‘rayotganday suqlanib nazar tashlaymiz. G‘oyib bo‘lgani hamono oradan biron daqiqa o‘tar-o‘tmas ruxsorini qo‘msay boshlaymiz. Siymosi qarshimizda paydo bo‘lishi bilan qalbimiz nurga to‘lib, yorishganday bo‘ladi! G‘ulg‘ula, sarosima ko‘nglimizni shu zahoti tark etadi.

Biroq buning uchun muhabbat yetarli darajada yetuk, barkamol bo‘lishi talab qilinadi. Basharti endigina tug‘ilib kelayotgan bo‘lsa va hali mahbubaning mehrini qozonib ulgurmagan bo‘lsak, xavotirlar barham topadi, lekin ularning o‘rnini boshqalari egallaydi.

Qanchalar mushkulligidan qatʼi nazar iztiroblardan najot topish ilinjida sevganimiz yonida bo‘lishga intilamiz. Biroq uning chehrasiga ko‘zimiz tushgani hamono yana ham kuchli iztiroblar girdobiga tushib qolamiz. Avvalgi azob-uqubatlar ayni paytdagi iztiroblar singari qiynamaydi, bizlar ayni pallada ko‘nglimizdan kechayotgan hislarga binoan xulosa chiqaramiz. Shunday iztiroblarni boshdan kechirayotgan oshiqning dardu hasratlarini baham ko‘rmaslikning imkoni bormi?

Abduhamid PARDAYEV tarjimasi

Izoh qoldirish

(*) bilan belgilangan maydonchalar to`ldirilishi shart bo`lgan joylar hisoblanadi.